13-mart kuni “Tashabbusli budjet” loyihalariga ovoz berish boshlanadi. Fuqarolar mahalliy budjetning umumiy qiymati 3,02 trln so‘m bo‘lgan qismini taqsimlashda yo‘llar qurish, maktablarni ta’mirlash hamda jihozlash va boshqa loyihalar bo‘yicha 28 919 ta loyihadan biriga ovoz berish orqali ishtirok etishi mumkin.
13-mart kuni “Ochiq budjet” portalida tashabbusli budjetlashtirish loyihalari bo‘yicha ovoz berish bosqichi start oladi. Ovoz berish chorshanba kuni kechqurun — soat 00:00 dan boshlanadi va 1-aprel soat 23:59 gacha davom etadi.
2024-yilning birinchi mavsumi doirasida fuqarolar tomonidan ilgari surilgan loyihalarni moliyalashtirishga qariyb 3,02 trillion so‘m yo‘naltirilishi kutilmoqda. “Ochiq budjet” portali ma’lumotlariga ko‘ra, 9443 ta mahalla fuqarolar yig‘inidan 35 575 ta tashabbus kelib tushgan bo‘lib, shundan 28 919 tasi ma’qullangan.
Joriy mavsumdan boshlab ovoz berish jarayoniga “Bir fuqaro, bir ovoz” tamoyili joriy etilmoqda. Maqsad — ovoz yig‘ish uchun ommaviy ravishda SIM-karta xarid qilish bilan bog‘liq holatlarning oldini olish.
Avvalroq 2024-yildan boshlab “Ochiq budjet” portali orqali fuqarolar umumxalq bog‘lari va parklari yaratish bo‘yicha 250 million so‘mgacha bo‘lgan tashabbuslarni ilgari surishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.